Telegram asoschisi tarmoqdagi qisqa uzilishga server qizishi sabab bo‘lganini bildirdi
![Telegram asoschisi tarmoqdagi qisqa uzilishga server qizishi sabab bo‘lganini bildirdi](https://gdb.rferl.org/0AF4D5AD-3622-4AF4-AA77-70F7AC38ED1B_cx0_cy2_cw0_w800_h450.jpg)
Telegram ijtimoiy tarmog‘i yakshanba kuni ertalab Yevropaning kattagina qismida bir necha soatga ishdan chiqdi.
Tarmoq asoschisi Pavel Durovga ko‘ra, Amsterdamdagi serverlardan birining qizishi bunga sabab bo‘lgan.
Oradan bir necha soat o‘tgach, serverlar ishi tiklandi.
"Bizning Eurocluster va nihoyat, elektr tokiga qayta ulandi. Muxandislarimiz elektr jihozlarning ishini qayta tiklash uchun qattiq ishlamoqda. Telegram yana ishlay boshladi. Yevropa, Yaqin Sharq va MDHdagi foydalanuvchilarimiz, marhamat, tarmoqda qoling!" deb yozdi Telegram ma’muriyati.
29 aprel kuni Yevropaning kattagina qismida Yevropa vaqti bilan tonggi soat 3-4 lardan boshlab, ijtimoiy tarmoqqa ulanish mumkin bo‘lmay qoldi.
Buni o‘znining Twitter tarmog‘idagi sahifasi orqali sharhlagan Durov:
"Telegram serverlaridan biridagi jiddiy qizish sababli yevropalik foydalanuvchilarimiz keyingi bir necha soat tarmoqqa ulana olmasliklari mumkin. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz - nosozlik hal qilinmoqda" deb yozdi.
Twiiter tarmog‘idagi Telegram Messenger sahifasida qizib ketgan server Amsterdamda joylashgani ma’lum qilindi.
"Biz buning uchun uzr so‘raymiz va vaziyatdan sizni xabardor qilib boramiz", deb yozdi tarmoq ma’muriyati.
Telegram ma’muriyati bergan ma’lumotga ko‘ra, tarmoqqa ulana olmaganlarning asosiy qismi Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, Rossiya va MDH davlatlaridagi foydalanuvchilari bo‘ldi.
Telegram tarmog‘i Rossiyada 16 apreldan buyon bloklab qo‘yilgan. Bunga Durovning foydalanuvchilarga tegishli bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni berishni rad qilgani sabab bo‘lgan.
Roskomnadzor tashkiloti App Store i Google Play do‘konlaridan ham Rossiyada taqiqlangan Telegram messenjerini olib tashlashni talab qilgan.
Roskomnadzorning ma’lum qilishicha, taqiq Telegram shifrlash kalitlarini Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmatiga (FSB) berilmaguncha davom etaveradi.
O‘shanda Telegramni yaratgan Pavel Durov uning messenjeri uning tarkibiga o‘rnatilgan to‘siqlarni aylanib o‘tish usullari va VPN yordamida ishini davom ettiraverishini aytgan edi.