Yaponiya o‘zbek maktabiga bergan jihozlarning talon-taroj qilingani iddao qilinmoqda
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi 2013 yili Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-son maktabga 140 ming AQSh dollarilik beg‘araz grant ajratgan.
Bolalari shu maktabda o‘qiydigan ota-onalarning Ozodlikka iddao qilishicha¸ elchixona tuhfa qilgan uy-ro‘zg‘or jihozlari va maishiy texnikaning ayrimlari g‘oyib bo‘lgan va Xitoyda ishlab chiqarilgan arzonroqlariga almashtirib qo‘yilgan.
Ushbu maktabga uch oy oldin direktor etib tayinlangan Ozoda Salimova Ozodlik bilan suhbatda shunday holat bo‘lganini tasdiqladi.
Salimovaning aytishicha, Yaponiya elchixonasi maktab ma’muriyatini 2013 yilgi grant bo‘yicha audit o‘tkazish rejasidan ogohlantirgani ortidan "kimlardir" jihozlarni maktabga keltirib, tashlab ketgan.
Yaponiya elchixonasi mulozimi 11-maktabda 10 may kuni audit o‘tkazilishini tasdiqladi¸ ammo 5 yil oldin tuhfa qilingan jihozlarning maqsadsiz ishlatilgani borasida ma’lumotga ega emasligini aytdi.
11-sonli maktab direktori Ozoda Salimovaning3 may kuni Ozodlikka aytishicha, mart oyida yapon elchixonasi xodimlari jihozlar ahvolini kelib tekshirib ketishgan va shundan so‘ng audit o‘tkazilishini ma’lum qilishgan:
- Ular jihozlarni ko‘rib ketishganidan keyin menga elchixonadan telefon qilayapti, “10 may kuni sizga audit tashlanadi”, deb. Men: “Tinchlikmi, bironta shubhali holat bo‘ldimi?” deb so‘rasam, ular “Yo‘q¸ hammasi joyida, lekin hamma jihozlarni model raqamlari bilan solishtirib, qayta xatlovdan o‘tkazib beringlar¸” dedi. Shu yakshanba kuni hamma jihozlarni raqamlarini solishtirib ko‘rdim. Qarasam, muzlatgich, gaz plita, mikrovolnoviy pech, sharbat chiqaradigan jihoz va boshqa texnikalarni model raqamlari to‘g‘ri kelmayapti. Keyin men maktabga mendan oldin rahbar bo‘lgan, hozir shahar Xalq ta’limi bo‘limiga boshliq bo‘lgan Muhayyo Baxtiyorovna Nosirovaga bu haqda aytdim. Katta janjal bo‘ldi, men kasalxonaga yotib qoldim. Hozir bilsam¸ jihozlarni kimlardir maktabga olib kelib ketibdi. Eng yomoni¸ hozir yapon elchixonasidagilar soxta jihozlarga ham belgi qo‘yib ketgan. Elchixonani oldida uyatga qoldik, - dedi Ozoda Salimova.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-sonli maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri Karim Aminov Ozodlik bilan suhbatda 2013 yilda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maktabga tuhfa qilgan jihozlarni o‘zi qabul qilib olgani, lekin ularning ayrimlari qanday qilib almashtirib qo‘yilganidan xabarsiz ekanini aytdi:
- O‘sha paytda yapon elchixonasi maktabimizga parta, stul, stol, doska, orgtexnika, tikuv mashinalari, uy-ro‘zg‘or jihozlarini bergan edi. Men hammasini joy-joyiga o‘rnatib qo‘ygandim. Yaqinda tekshirib ko‘rsak, xolodilnik, gaz plita, mikrovolnovka, sokovijimalkani ishlab chiqarish raqami to‘g‘ri kelmaydi, firmasi ham, rusumi ham boshqacha. Qanday almashtirib qo‘yilgan, men tushunmay qoldim, - deydi Karim Aminov.
Ozodlik masalaga oydinlik kiritish uchun maktabning sobiq rahbari, fevral oyidan Kattaqo‘rg‘on shahar Xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajarayotgan Muhayyo Nosirovaga kun davomida telefon qilib, unga bog‘lana olmadi.
Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi esa Ozodlik bilan qisqa suhbatda "Jihozlar o‘g‘irlanmagan, almashtirilmagan ham, joyida turibdi, borib tekshirishingiz mumkin", deyish bilan cheklandi.
Yaponiya elchixonasiga ko‘ra, O‘zbekistonda "Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam" dasturi 1995 yildan beri amalga oshirib kelinadi.
Ushbu dastur doirasida O‘zbekistonda tibbiyot va ta’lim muassasalari, mahalliy hokimiyat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan 26 044 456 dollarlik 363 loyiha amalga oshirilgan.