Bosh vazir tashrifidan so‘ng Samarqand sudi qadimiy uyni buzilishdan saqlab qoldi (VIDEO)
Samarqandning YUNESKO himoyasidagi Pushkin ko‘chasida uy qurish uchun Samarqand shahar hokimi tarafidan Max Real Stroy Invest shirkatiga yer ajratish haqida chiqarilgan qaror viloyat sudining 28 iyun kungi mahkamasi tomonidan bekor qilindi.
Samarqandlik madaniy meros himoyachilari¸ bu hukmni shahar qadimiy qismini badavlat developerlardan himoya qilish yo‘lidagi mikroqadam sifatida baholamoqda.
Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan viloyat sudi kotibiga ko‘ra¸ ayni masalani ko‘rib chiqqan shahar sudi bundan oldin Max Real Stroy Invest shirkati foydasiga qurilishni davom ettirish haqida qaror chiqargan edi.
Kotibning aytishicha¸ "endi Pushkin ko‘chasidagi 3-uy buzilmaydi¸ bu bino o‘rni yer uchastkasi sifatida Max Real Stroy Invest shirkatiga berilgani haqidagi shahar hokimi qarori o‘z kuchini yo‘qotdi".
Shirkatga yangi bino qurish uchun ajratilgan hududdagi qadimiy bino egasi¸ 44 yashar samarqandlik tadbirkor Akmal Uzoqovning Ozodlikka aytishicha¸ Bosh vazir Aripovning 23 iyun kungi Samarqandga qilgan tashrifi ijobiy natija bergan:
- Bu bizning foydamizga ishladi. Oldin bilganingiz kabi sudlar to‘nini teskari kiyib turuvdi. Shahar sudida yutqazgandik. Mana bugun viloyat sudi bizning foydamizga qaror chiqardi. Hech bo‘lmasa¸ bizning yutug‘imiz noqonuniy buzilishlarning to‘xtatib qo‘yilgani bo‘ldi. Lekin ertaga nima bo‘lishini biz bilmaymiz. Prezidentimiz aytganidek¸ hamma xarakatlar qonun doirasida bo‘lishi kerak. Qonun doirasida sud hukmi bilan g‘alabaga erishganimdan mamnunman¸ dedi tadbirkor.
Uzoqov shahar hokimining YUNESKO himoyasidagi uyni buzish borasidagi noqonuniy qarori oqibati haqida ham gapirdi.
«Qanday qilib hokim 1906 yilda qurilgan uyni buzishga izn bera oladi»¸ deydi suhbatdosh:
- Shu uyda taniqli revolyutsioner sarkarda yashagan. Uning tarixi Gruziyadan boshlanadi. Uy sohibi “Bolshevik” gazetasi tipografiyasining rahbari bo‘lgan. Samarqandda revolyutsiyada qatnashgan. Samarqanddan keyin Uralga o‘tib ketgan. Uralda Kolchak armiyasiga qarshi jang qilgan, Jukov uning qo‘lida o‘sgan. General bo‘lgan u kishi. O‘tkan asrning 20-yillarda SSSR voenniy akademiyasida dars bergan.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ bino Nikolay g‘ishtidan qurilib¸ har bittasi raqamlangan va tarixiy izlar saqlangan:
- Har bitta g‘ishtda kleymo bor. Eshik tutqichlari burama qilib latundan qilingan. Ko‘chamiz Pushkinskiy ko‘cha deyiladi, ilgari Pushkinskiy prospekt bo‘lgan. Pushkin bibliotekasi joylashgan shu ko‘chada. Bizning ko‘chamizda 10 tacha obida bor. Ularning hammasi tarixiy obida sifatida ro‘yxatga olingan YUNESKO hududida joylashgan. Bizdan majburiyat olingan uyni saqlash haqida¸ deydi tadbirkor.
"Sud qadimiy uyni saqlab qolishni yoqlab hukm chiqardi. Ammo mahallada qazilgan kotlavan va boshqa inshootlarning qadimiy binolariga zarari davom etmoqda»¸ deydi qadimiy uy egasi bo‘lgan bu tadbirkor:
- Hozirgi kunda yon devorimdan 2 metr narida kotlovan qazilgan. Oldimiz qish, ertaga shu kotlovanga suv yig‘ilib mening imoratimga ham zarar yetkazishi mumkin. Shu kotlovanni ko‘mdirsa yaxshi bo‘lar edi¸ deydi tadbirkor.
Ayni paytda Samarqand hokimi Furqat Rahimov qarori bilan shaharning Yevropa qismida joylashgan YUNESKO himoyasidagi hududda qurilayotgan 34 ob’ekt qurilishniNG to‘xtatilgani aytilmoqda. Hududdagi eng bahsli bo‘lgan yetti qavatli uyni 23 iyun kuni Samarqandga kelib-ketgan Bosh vazir buyrug‘iga asosan buzib tashlash ishlari 28 iyunda boshlandi.
Samarqand tarixiy qismidagi iznsiz qurilishlar masalasi Bahrayn poytaxti Manamada YUNESKO Shahrisabz tarixiy markazini umumjahon madaniy merosi ro‘yxatidan o‘chirish masalasini ko‘rayotgan paytga to‘g‘ri keldi.