Bosh prokuror Senatga hisob berdi. Sobiq Bosh prokuror ozod qilinishi mumkin.
28 iyun kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Bosh prokurori Otabek Murodov prokuratura organlari tomonidan 2017 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Hisobotdan so‘ng o‘tkazilgan savol-javob jarayonida Otabek Murodov¸ o‘z sobiq hamkasbi¸ 15 yil davomida mamlakat Bosh prokuraturasini boshqargan Rashitjon Qodirov davlatga yetkazilgan zararni qoplasa¸ ozodlikka chiqarilishi mumkinligini bildirdi.
Joriy yilning 22 fevralda hibsga olingan 66 yashar Qodirov, Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Prokuror hisoboti
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati oldida qilgan birinchi hisobotida Bosh prokuror Otabek Murodov O‘zbekiston sud-huquq sohasidagi islohotlar mohiyati “jinoyat va qonunbuzilishlarning yuz bergan oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning tub sabablarini tizimli bartaraf etish” dan iborat ekanini ta’kidladi.
Murodovga ko‘ra¸ shu maqsadda 2017 yili prokuratura tashabbusi bilan kiritilgan 88 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Bosh prokuror hisoboti asosida matbuot xizmati hozirlagan bayonotda keltirilishicha¸ "huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, ular bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish natijasida o‘tgan yil davomida jinoyatchilik 15,7%ga kamaygan¸ xususan¸ jinoyat sodir etgan shaxslar 15,6%, jumladan, ayollar 17,4% va voyaga yetmaganlar soni 16,1% kamaygan".
Senatorlar oldida qilgan chiqishida O‘zbekiston Bosh prokurori prokuratura organlarining tadbirkorlar huquqini himoya qilishga alohida e’tibor qaratayotganini bildirdi.
Hisobotda qayd etilishicha¸ “prokuror nazorati tadbirlari davomida 51.260 ta holatda tadbirkorlarning huquqlari buzilganligi aniqlangan.
Tadbirkor manfaatlarini himoyasi yo‘lida davlat idoralarining 752 ta noqonuniy qarorlari bekor qilingan hamda tadbirkorlar foydasiga 4 mlrd. so‘m undirish to‘g‘risida sudlarga arizalar kiritilgan”.
“Bu boradagi o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 961 nafar mansabdor shaxslar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 252 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 49.866 nafar tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlari, 2.797 tasining faoliyati tiklangan va 7.203 ta ish o‘rni yaratilgan”¸ deyiladi Otabek Murodov hisoboti asosida Bosh prokuratura matbuot xizmati tarqatgan rasmiy bayonotda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2016-2017 yildagi qator chiqishlarida prokuratura organlari faoliyatini keskin tanqid qilgan va bu tizimda kuchli tozalash boshlangani¸ “eski¸ poraxo‘r” kadrlarning 80 foizga yaqini ishdan bo‘shatilganini bildirgan edi.
Prezident shuningdek¸ sud va prokuratura tizimini jazolash emas¸ adolat qaror toptirish mexanizmiga aylantirish zarurati haqida qayta-qayta gapirib kelmoqda.
Qisqa muddat O‘zbekiston prezidentining siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan Otabek Murodov joriy yanvar oyi oxirida mamlakat Bosh prokurori lavozimiga tayinlangan edi.
Senatorlar sobiq Bosh prokuror ishi bilan qiziqdi
28 iyun kuni Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Bosh prokurori Otabek Murodov hisoboti yuzasidan o‘tkazilgan savol-javob haqida ma’lumot tarqatgan O‘zbekiston Milliy agentligiga ko‘ra¸ Otabek Murodov o‘z sobiq hamkasbi Rashitjon Qodirov va jinoiy ish ochilgan boshqa sobiq amaldorlar ustidan borayotgan tergov jarayoniga oid savollarga javob bergan.
22 fevral kuni hibsga olingan O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov ishi yuzasidan savolga to‘xtalgan Murodov¸ jinoyat-protsessual qonunchilik nuqtai nazaridan tergov tafsilotlari oshkor etilmasligini ta’kidlagan.
Ayni paytda¸ Murodov sobiq Bosh prokuror davlatga yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda¸ uning ozod etilishi mumkinligini bildirgan.
“Fuqarolarga shuni yetkazib qo‘yish kerakki¸ bu kabi jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishidan maqsad bunga yo‘l qo‘ygan shaxslarni qamash emas, balki yetkazilgan zararni undirish. Boshqacha aytganda, ular yegan narsalarini joyiga qo‘yib qo‘ysa, qamoqdan ozod qilinib, qo‘yib yuborilishi ham mumkin. Lekin talon-toroj qilingan mablag‘lar juda katta miqdorni tashkil etadi. Vaqti kelib xalqimiz buning hammasini bilib oladi”¸ deb iqtibos keltirdi mahalliy nashrlar O‘zbekiston Bosh prokurorining Senatdagi chiqishidan.
5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura binosida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot brifingida Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mansur O‘rolov:
«Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan sobiq bosh prokuror lavozimida ishlagan Rashitjon Qodirovga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonida sobiq bosh prokuror tomonidan pora evaziga lavozimga tayinlash, pora olish va boshqa jinoyat alomatlari aniqlangan. Hozirda 24 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan. Shulardan 21 nafariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov holatlari hanuz davom etmoqda”¸ deya bayonot bergan edi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Rashitjon Qodirov¸ bir hafta Sangorodda saqlanganidan so‘ng¸ yana Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasida joylashgan hibsxonaga qaytarilgan.