OzodTa’sir: Fermerlarni kaltaklagan Qarshi tumani IIB boshlig‘i ustidan xizmat tekshiruvi boshlandi
Ozodlikning 27 iyun kuni nashr qilingan “Qarshi militsiyasi boshlig‘i bug‘doy rejasini bajara olmagan fermerlarni ayovsiz kaltaklamoqda” sarlavhali maqolasi ortidan Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi o‘z ichki tekshiruvini boshladi.
Bu haqda 28 iyun kuni Ozodlikka respublika huquq tizimi mulozimlari¸ shuningdek¸ kaltaklangan fermerlarning o‘zlari ma’lum qildi.
“Bugun meni va Ozodlikka chiqib gapirgan ikki fermer - Bahriddin To‘raev va Abduhamid Pardaevni mahallaga chaqirtirishdi. Borsak, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining shaxsiy tarkib bo‘yicha maxsus inspeksiyasidan mulozimlar kelgan ekan. Bizdan, nima voqea bo‘lgani haqida so‘rashdi. Men, militsiya boshlig‘i bizni qanday kaltaklagani haqida hamma voqeani aytib berdim. Sheriklarim ham bor gapni aytishdi. Shu gaplarimizni qog‘ozga yozib, imzo chekib ham berdik. Sizlarni ekspertiza qilamiz, dedi. Men, mayli, o‘shandan buyon boshim aylanib, o‘zimga kelmay yuribman, jonim bilan ekspertizaga boraman, dedim", deydi fermer Rahmatullo Xo‘jamurodov.
Uning aytishicha, militsiya boshlig‘idan qattiq zarba olgan keksa fermer Abdujabbor Qorjovov ham chaqirtirilgan va undan ham ko‘rsatma olingan.
Viloyat huquq tizimidagi mulozim¸ shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab¸ Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabovning viloyat boshqarmasiga so‘roqqa chaqirtirilganini bildirdi.
Hozircha militsiya rahbarining hatti-harakatlariga qanday huquqiy baho berilgani¸ unga nisbatan qanday chora ko‘rilishi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Respublika huquq tizimi rasmiysining bildirishicha¸ Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bu voqea yuzasidan o‘tkazilgan ichki tekshiruv natijasini¸ qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda¸ mamlakat prokuratura tizimiga ma’lum qiladi.
Ozodlik bu jarayon rivojini kuzatib boradi.