Islom Karimov uy qamog‘ida qolayotgan onasining sog‘lig‘i yomonlashganini iddao qildi
14 fevral kuni O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich nabirasi¸ Londonda yashayotgan kichik Islom Karimov Toshkentda uy qamog‘ida saqlanayotgan onasining salomatligi yomonlashgani va unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganini iddao qildi.
Shu munosabat bilan Instagram orqali prezident Mirziyoevga murojaat qilgan Islom Karimov¸ undan o‘zi va singlisini “eshitish”ni so‘radi.
Bundan oldingi yozuvlarida Islom Karimov onasining yangi rahbariyat olib borayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab¸ bu loyihalarga moliyaviy ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan edi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ Islom Karimovning 14 fevral kungi iddaosini “asossiz” deb atadi.
O‘zi yashayotgan Londonda sevishganlar kuni bayram qilingan 14 fevral kuni Gulnora Karimovaning o‘g‘li 26 yashar Islom Karimov prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat bilan chiqdi.
Bu murojaat Islom Karimovga oid ekaniga ishoniladigan Instagram sahifasida e’lon qilindi.
“Tushunarsiz sabablarga ko‘ra¸ onamga gipertonik krizisga boradigan darajada noinsoniy bosimlar qilinayapti, yoniga vrachlarni qo‘yishmayapti. Qilinayotgan provokatsiyalardan ishimizning silliqqina yopilishi kimgadir yoqmayapti. Qandaydir kuchlar rahbariyatni, uning ishlarini yomonotliq qilishga urinyapti”¸ degan Islom Karimov¸ Mirziyoevga “bobosining shogirdi” sifatida murojaat qilayotganini yozadi.
“Yoshligimizdan biz tanigan, o‘zini bobomizning shogirdi deb biluvchi prezidentdan meni va singlimni eshitishni so‘rayman. Singlim shu kunlarda onam bilan birga bo‘lishga majbur qoldi. Yuragi xasta, vrachlarni yoniga qo‘yishmayapti. Onam va singlimning sog‘ligidan xavotirdaman”¸ deyiladi Islom Karimov murojaatida.
Bu murojaatga munosabat bildirgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi uni asossiz deya inkor qildi.
“Gulnora Karimovaning oldiga vrachlarning kirishida hech bir to‘sqinlik yo‘q, shu jumladan, o‘zi ko‘rsatgan vrachlar uchun ham, unga hech bir bosim o‘tkazilayotgani yo‘q, o‘g‘lining iddaosi asossiz!", deyiladi Bosh prokuraturaning Islom Karimov murojaati munosabati bilan Ozodlikka bergan javobida.
Islom Karimovning Instagramdagi murojaatidan uch kun oldin uning singlisi Imonniki ekaniga ishoniladigan Instagram sahifasida ona-qiz Karimovalarning hazil surati paydo bo‘lgan edi.
Maxsus applikatsiya yordamida o‘zgartirilgan hazil suratdan¸ Imon va Gulnora deb ko‘rilgan ayollarning yaxshi kayfiyatda ekani anglashilgan edi.
O‘zbekiston rasmiylari hozirgacha Gulnora Karimovaning qaerda¸ qanday vaziyatda saqlanayotgani haqida rasmiy ma’lumot bermagan.
Toshkent hukumatiga yaqin mulozimlar Ozodlikka Karimovaning o‘tgan yil yozida jazoni o‘tash muassasasidan Toshkentdagi o‘z kvartiralaridan biriga ko‘chirilgani va bu yerda uy qamog‘ida saqlanayotganini bildirgan edi.
14 fevral kuni Ozodlik gaplashgan Gulnora Karimova vaziyatidan bilvosita xabardor mulozim¸ uning tashqi dunyodan mutlaq uzib qo‘yilgani¸ Shveysariyadagi advokati bilan uchrashishiga ham ruxsat berilmayotganini bildirdi.
2017 yil 28 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra¸ Gulnora Karimovaga Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Ayni paytda unga nisbatan qo‘yilgan boshqa qator ayblar bo‘yicha tergov jarayonining davom etayotgani aytiladi.