Yuzlab uy noqonuniy buzilgan Rishtonda mingta arzon uy quriladi (VIDEO)
O‘zbekiston hukumati Rishton tumanini kompleks rivojlantirishga doir qaror qabul qildi.
Adliya vazirligi Telegram kanalida berilgan ma’lumotga ko‘ra, hukumat qarorida tumanda 1000 dona arzon uy qurilishini 2019 yildan - ya’ni hozirdanoq boshlash belgilangan.
Bu tumanda, prezidentning shu yil Farg‘onaga safaridan keyinoq, keng ko‘lamli buzilishlar boshlanib ketgandi. Buning ortidan aholi noroziligi qo‘zg‘alib, oxir-oqibat, viloyat hokimi rishtonliklardan kechirim so‘ragan.
Qaror
Shu yilning 23 avgust kuni e’lon qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, Rishtondagi 1000ta arzon uy qurilishini 2019 yildan boshlab, 2021 yilgacha bitirish rejalangan.
Bundan tashqari, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha 83 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, 7 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish vazifasi ham qo‘yilgan.
Bu bo‘yicha maxsus dastur ijrosi har chorakda mahalliy kengashda muhokama qilib borilishi aytilgan.
Noqonuniy buzilishlar
Prezident Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga shu yil 6-7 may kunlari qilgan amaliy safaridan keyin Rishton tumani markazida keng ko‘lamli buzilishlar boshlanib ketgani to‘g‘risida Ozodlik 23 may kuni xabar qilgandi.
Tumanda, qisqa muddat ichida, 400 dan ortiq aholi uylari, 200ga yaqin noturarjoy binolari tovon puli to‘liq to‘lanmay turib, buzib tashlandi.
Ozodlik xabaridan biroz o‘tib, Bosh prokuratura tumandagi vaziyatni o‘z nazoratiga olganini bildirgan va aholiga kompensatsiya uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 1 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ Rishton tuman hokimligining maxsus hisob raqamiga tushganini bildirgandi.
Ammo, bu bayonotdan bir oy o‘tib ham tovon pulini ololmagan rishtonliklar prezident Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llagan.
Hokim kechirim so‘ragan
Natijada, shu yilning 2 avgustida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Rishton tumanidagi noqonuniy buzilishlar uchun Farg‘ona viloyati hokimini keskin tanqid qildi.
Bu yig‘inda Mirziyoyev Farg‘ona hokimiga qo‘shib, Xorazm va Qashqadaryo viloyat hokimlarini ham aynan noqonuniy buzilishlar ortidan kelib chiqqan aholi noroziligi uchun keskin qoraladi. Prezident 3 viloyat hokimidan xalqdan kechirim so‘rashni talab qildi.
Buning ortidan Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev 4 avgust kuni Rishtonga borib, tumandagi buzilishlarni "xato", deb tan oldi va kechirim so‘radi.
G‘aniyev Rishtonda avvalgi 25 sotixlik bozor o‘rniga 2 gektarga yaqin bozor qurilishi hamda 200 atrofida savdo shohobchasi ochib berilishini va’da qildi.
Farg‘ona viloyat hokimi va’dasidan so‘ng uyi-joyi buzilgan rishtonliklarga 5 mingtadan g‘isht va 2 tonnadan sement bepul tarqatila boshlagani xabar qilindi.
Va’da va uzrlardan so‘ng
Ammo, oradan ko‘p o‘tmay - 8 avgust kuni bu g‘ishtlarning Buvayda tumanidagi 12ta g‘isht ishlab chiqarish korxonasidan nasiyaga olinayotgani, viloyatdagi tijorat banklariga korxonalardan g‘isht sotib olib, Rishtonga yuborish vazifasi yuklangani ma’lum bo‘ldi.
Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlar viloyat hokimining buyrug‘i bilan nasiyaga g‘isht berishgani, lekin berilgan mahsulotning yarim pulini ham ololmagani bois, g‘isht berishni to‘xtatib qo‘yganini aytdi.
Shuningdek, rishtonliklarga 1000 ta g‘isht berib, qog‘ozda esa 2000 ta g‘isht olgani haqidagi ma’lumot ostida imzo qo‘yish so‘ralgani ham oshkor bo‘ldi. Tekin g‘ishtni tarqatishda g‘irromlikka yo‘l qo‘yilganini tuman hokimi muovini texnik sabablar bilan izohladi, "g‘isht to‘la yetkazib beriladi", deb va’da qildi.
Biroq, tovon pulini to‘liq ololmagan rishtonlik o‘nlab oila hanuz boshpana qurib olish qayg‘usida yashamoqda. Tezkor ravishda tumanda qurilishi boshlanadigan arzon uylar bu oilalarga atalganmi-yo‘qmi - noma’lum. Hozircha bu haqda rasmiy ma’lumot yo‘q, hukumat qarorida ham bu borada biror ma’lumot berilmagan.
Farg‘ona viloyat va Rishton tumani hokimliklari esa qish arafasida hanuz uysiz qolayotgan oilalar taqdiri borasida Ozodlik savollarini javobsiz qoldirib kelmoqda.