BP: MIB harakatiga norozilik sifatida o‘zini yoqish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Rasmiy xabarga ko‘ra¸ voqea yuzasidan "shaxsni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish" moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
23 yanvar kuni Ozodlik Andijon tumanining Beshbo‘ynoq mahallasida ro‘y bergan bu voqea haqida xabar qilgan edi.
Tanasining 50 foizi kuygan holda Andijon tuman shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan G‘oyibnazarov 25 yanvar kuni kasalxonada vafot etdi.
Bosh prokuraturaning bu voqea bo‘yicha e’lon qilgan rasmiy xabarida¸ uning tafsilotlari ham keltirilgan.
Unda yozilishicha¸ Majburiy ijro byurosi Andijon tuman bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan G‘oyibnazarov va oilasini uydan ko‘chirish hamda undiruvchi M.Bayxanovani ushbu uyga kiritish to‘g‘risida ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud hukmi ijrosini ta’minlash maqsadida¸ prokuraturaning bildirishicha¸ 21 yanvar kuni kech soat 18:00 larda undiruvchi va qarzdor o‘zaro kelishtirilib, qarzdorlarga 24 yanvarga qadar ko‘chib ketishlari uchun muddat berilgan.
Undiruvchi ketganidan so‘ng qarzdor MIB xodimlarini chaqirib “jahl ustida bir qo‘lidagi yelim idishdagi suyuqlikni ustidan sepib, o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan”¸ degan Bosh prokuratura¸ MIB xodimlarining olovni o‘chirib¸ o‘z mashinasida G‘oyibnazarovni kasalxonaga yetkazganini bildirgan.
“Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 25 yanvarida Andijon tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi ( O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”¸ deyiladi Bosh prokuraturaning mahalliy nashrlarda chop etilgan bayonotida.
Bu bayonot ortidan Ozodlikka bog‘langan G‘oyibnazarov yaqnlari¸ hozircha ochilgan ish tafsilotlari¸ xususan¸ bu ish bo‘yicha kimlarning figurant ekanidan xabari yo‘qligini bildirdi.
G‘oyibnazarov oilasi 27 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi xodimlarini korrupsiyada ayblovchi videoni ham Ozodlikka taqdim qildi.
Sifati pastligi uchun e’lon qilinmayotgan bu videoda marhumning opasi MIBni oilasining 95 ming dollarlik qarzini undirib berish borasida biror ish qilmasdan turib¸ uydan chiqarish harakatini boshlagani ukasi o‘limiga sababchi ekanini iddao qiladi.
26 yanvar kuni Bosh prokuratura huzuridagi MIB bayonotini e’lon qilgan ayrim nashrlar:
"MIB matbuot xizmatining alohida ta’kidlashicha, MIBda sud qarorlari muhokama etilmaydi. Balki qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ijrosi ta’minlanishi shart. Sud qarorlari ijrosini vaqtincha to‘xtatishning qonuniy tartiblari bor", deb ëzdi.
Sud qarorlari ijrosini ta’minlashga mas’ul Majburiy ijro byurosi xodimlari xizmat vazifasini bajarishga borganda aholi bilan kelishmovchilik asosida turli holatlar kuzatilmoqda.
Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani bilan bog‘liq 132ta holat qayd etilgan.
Byuro tashkil etilgan 2017 yildan buyon esa fuqarolarning qarshilik ko‘rsatishi tufayli 4 nafar MIB xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan. 200 dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.