Taniqli xonanda Ruslan Sharipov 54 yoshida vafot etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda va bastakor Ruslan Sharipov 54 yoshida olamdan o‘tdi.
Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan xonandaning qarindoshlariga ko‘ra, Ruslan Sharipov 28 iyul kuni soat 17:30da vafot etgan:
“Internetda Ruslanning pandemiyadan o‘lgani aytilyapti. Lekin bu xabar noto‘g‘ri. Ruslan insultdan o‘ldi”.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi o‘zining Telegram kanali orqali Ruslan Sharipovning oila-a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Ruslan Sharipov 1966 yilning 10 sentabrida Samarqand shahrida tug‘ilgan.
U 90-yillarning eng taniqli guruhlaridan “Bolalar”, “Setora”, “Bayt”ga asos solgan shaxs hisoblanadi.
Shuningdek, Ruslan Sharipov “Shahzod” va “Ho‘ja” guruhlariga ham bastakorlik qilgan.
Ruslan Sharipov uch qizning otasi edi. Uning ilk rafiqasi, hozirda Rossiya shou biznesida tanilayotgan xonanda Nargiz Zokirova bo‘lib, ularning bir qizi bor. Ruslan Sharipov mahalliy matbuotga bergan intervyusida katta qizi hozirda AQShda yashashi haqida gapirgan.
2000 yilda Ruslan Sharipov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvonini olgan.
Keyinchalik u ma’lum muddat sahnadan g‘oyib bo‘ldi. 2016 yilda ijtimoiy tarmoqlarda Ruslan Sharipovning bechorahol ko‘rinishdagi suratlari paydo bo‘ldi. Oradan biroz o‘tib, muxlislari va do‘stlari ko‘magida uning sahnaga qaytgani xabar qilindi.
Ruslan Sharipov keyinchalik o‘zbek estradasi yulduzi hisoblangan Yulduz Usmonova bilan duet ijro qildi.