Bellingcat: Navalniyni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati zaharlagan
Britaniyada joylashgan Bellingcat tadqiqot guruhi bir necha nashr bilan hamkorlikda tergov o‘tkazib, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy zaharlanishi ortida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) turganini ko‘rsatuvchi dalillarni qo‘lga kiritdi.
Tergovni Bellingcat Rossiyaning Insider tergov sayti, Germaniyaning Der Spiegel gazetasi va AQShning CNN agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazgan.
Tergovni olib borgan jurnalistlar «Telekom va sayohat ma’lumotlari ko‘rinishidagi katta hajmdagi dalillarga» tayangan holda, Navalniyni zaharlash rejasi 2017 - yilda ishlab chiqilgan, degan xulosaga kelganlar.
Tergov natijalari 14 - dekabr kuni chop etildi. Bellingcat saytida e’lon qilingan bayonotda «2017 - yil boshidan 2020 - yil avgustigacha zaharli moddalar bilan ishlashga ixtisoslashgan yashirin FXX bo‘linmasi xodimlari Navalniyni Rossiya bo‘ylab ta’qib qilgani, uning yonida 30 dan ortiq reysda parvoz qilgani va Tomskdagi amaliyotdan avval uni ikki marta zaharlashga uringani aytiladi.
20 - avgust kuni Navalniy zaharlanish asoratlari bilan Omskda kasalxonaga yotqizilgandi. Uning ahvoli Tomskdan Moskvaga parvoz qilayotganida yomonlashgan. 22 - avgust kuni muxolifatchi Berlindagi «Sharite» klinikasiga ko‘chirilgan. U ikki haftadan ko‘proq komada yotgan.
Ayni paytda Germaniyada sog‘lig‘ini tiklayotgan Navalniy uning zaharlanishi bilan bog‘liq ish Rossiyada rasman tergov qilinmaganiga qaramay, «o‘z yechimini topgani»ni ta’kidladi.
Muxolifatchi uni zaharlash buyrug‘ini Rossiya prezidenti Vladimir Putin bergani haqidagi iddaosini yana takrorladi. Kreml bu ayblovlarni rad etib keladi.
Bellingcat guruhiga ko‘ra, tergov davomida Navalniy bilan birga Novosibirskka borgan va uning izidan Tomsk shahriga borgan uch nafar FXX xodimi aniqlangan.
Uchala agentni kamida yana besh nafar FXX xodimi qo‘llab-quvvatlagan va nazorat qilgan. Ularning ba’zilari Navalniy kasalxonaga yotqizilgan Omsk shahriga ham borishgan.
Hisobotda Navalniy izidan borgan shaxslar Aleksey Aleksandrov va Ivan Osipov hamda Vladimir Paniyayev ismli agent ekanligi aytildi.
«Guruh a’zolari operatsiya davomida bir-biri bilan aloqada bo‘lgan. Zaharlanishdan oldin va Aleksey Navalniy tunda (Moskva vaqti bilan) mehmonxonasidan chiqib, Tomsk aeroportiga yo‘l olgan paytda to‘satdan muloqot ko‘paygan», deyiladi hisobotda.
Navalniyning ahvoli uchoq havoga ko‘tarilganidan keyin birdaniga yomonlashgan va shu sababdan Omsk shahrida favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Omskda bir necha kun davolangan Navalniy Germaniyaga olib ketildi. U yerda shifokorlar muxolifatchiga asabni falajlovchi zahar berilganini xulosa qildilar.
14 - dekabr kuni Navalniy o‘z jamoasi Bellingcat tergovi natijalarini o‘rganib chiqqanini aytdi.
«Kim meni o‘ldirmoqchi bo‘lganini bilaman. Ular qayerda yashashini bilaman. Qayerda ishlashini bilaman. Asl ismlarini bilaman. Soxta ismlarini bilaman. Menda ularning fotosuratlari bor», - dedi Navalniy o‘z videomurojaatida.
Bellingcat hisoboti e’lon qilinishdan bir necha kun oldin Britaniyada nashr etiladigan Times gazetasi g‘arb davlatlari josuslik xizmatlaridagi manbalariga tayangan holda, Navalniy Germaniyaga olib ketilishidan oldin uni ikkinchi marta zaharlashga urinish bo‘lgani haqida yozdi.
Bellingcat hisobotida aytilishicha, Rossiya kriminalistik institutiga aloqador 12 nafar FXX xodimining telefon metadatasi tahlili shuni ko‘rsatadiki, institut kimyoviy qurollar tayyorlaydigan laboratoriyaga ega bo‘lib, Sovet Ittifoqi davrida KGBni tark etgan josuslar tasvirlagan laboratoriyalarga o‘xshaydi.