Alisher Ilhomov: KXShT o‘zini qayta formatlab, politsiyachi tuzilmaga aylandi
Rasmiy Toshkent Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston Qozog‘istondagi voqealardan saboq chiqarishi kerakligi haqidagi bayonoti yuzasidan sukut saqlamoqda.
10 - yanvar kuni KXShTga a’zo davlatlar rahbarlarining onlayn sammitidagi chiqishida Lukashenko, o‘zining ta’biricha, Qozog‘istondagi tartibsizliklarni keltirib chiqargan kuchlarning "nigohi hozirda O‘zbekistonga qaratilgani"ni iddao qilgan va rasmiy Toshkentni voqealardan saboq chiqarish haqida ogohlantirgandi.
11 - yanvar kuni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning Moskva Belarus rahbarining xavotirlariga qo‘shiladimi, degan savoliga javoban Rossiya bu muhokamalarda ishtirok etmayotganini ta’kidladi.
"Bu ko‘proq Minsk va Toshkent o‘rtasidagi muloqot mavzusi. Biz bu muhokamada qatnashmayapmiz", deya Peskovning so‘zlaridan iqtibos keltirdi RIA-Novosti agentligi.
O‘zbekistonlik mustaqil tahlilchilar va tarmoq faollari Lukashenkoning bayonotini "tahdid" va "O‘zbekistonni KXShT tarkibiga kirishga undash" sifatida talqin qilishmoqda.
O‘zbekistonlik ekspert, Londondagi SOAS universiteti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovning yozishicha 6 - yanvar kuni Qozog‘istonga o‘z kuchlarini kiritgan KXShT o‘zini qayta formatlab, politsiyachi tuzilmaga aylandi:
KXShT kuchlari Qozog‘istonda birinchi marta qo‘llanildi, ammo mudofaa ittifoqi sifatida emas, balki politsiya tuzilmasi sifatida. Shu tariqa pretsedent yaratildi, katta ehtimol bilan, tashkilot bundan keyin ham politsiyachilik funksiyalarini bajarishda davom etadi.
Biroq u mintaqadagi avtoritar hukmron rejimlar uchun ayni sifati bilan qadrlidir – ayniqsa hokimiyat inqirozi sharoitida va aholining unga ishonchi susaygan vaziyatlarda. Shu zaylda yangi voqelik, avtoritar hukmdorlarni mahalliy inqiloblardan himoya qilishning qo‘shqavatli tizimi yaratilmoqda.
Kreml KXShTning ushbu yangi mandati sobiq ittifoq respublikalari ustidan nazorat o‘rnatishda qanchalik muhimligini anglagani tayin, zero, bu yordam (Rossiya qurolli kuchlari yordami, deb o‘qilsin) tekinga emas, balki sadoqat evaziga ko‘rsatiladi.
Va bu jihat Mirziyoyevni tashkilotga kirishga ko‘ndirish uchun yangi argument yaratmoqda, chunki u ham avtoritar rahbar o‘laroq ushbu servisdan manfaatdor mijoz kabi taassurot uyg‘otadi. Aynan shu maqsadda Toshkentga bosim o‘tkazish bo‘yicha yangi kampaniya boshlanishi kerak edi. Va Kreml bu kampaniyada messenjerlik rolini Lukashenkoga topshirdi, negaki o‘tgan yili kuzda Belarusni ommaviy namoyishlar qamrab olib, amal kursisi liqillab qolganida u bularning barini o‘z boshidan kechirgan.
Mirziyoyev ushbu argumentlar va bosimga chidash bera olmaydimi, deb qo‘rqaman. Axir u o‘z boshqaruv davrini nomuayyan uzoq vaqtga cho‘zish muammosini hal qilishi kerak. Iqtidorda qancha uzoq qolsa, uning hokimiyati inqirozga uchrashi va mamlakatda norozilik kayfiyati o‘sishi xavfi shuncha ortadi. Va aynan o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun ham u KXShT yordamidan foydalanishdek jozibali imkoniyat oldida chidash bera olmasligi ehtimoli yuqori.
Ammo yaqin istiqbolda O‘zbekistonda Qozog‘istondagi kabi ommaviy namoyishlar yuz berishi mahol, deb o‘ylayman. Mirziyoyevning ikkinchi muddati endigina boshlandi va u jamiyat nazarida o‘z legitimligini mustahkamlash ustida qattiq ishlamoqda. Lekin uzoq istiqbolda u bunaqa politsiyachi tuzilmaning yordamiga qiziqish bildirsa, ajab emas. Ya’ni O‘zbekistonning KXShTga kirishi jarayoni, agar Mirziyoyev shunga qaror bersa, bir necha yilga cho‘zilishi va uning joriy prezidentlik muddati oxirida yakunlanishi mumkin, deb yozmoqda Alisher Ilhomov.
"Toshkenti pakti" deb ham nomlanadigan MDHning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti" 1992 - yilda tashkil topgan, O‘zbekiston undan 1999 - yilda chiqqan va 2005 - yil Andijon voqealari ortidan qayta a’zo bo‘lib kirgan edi. 2012 - yil 29 - dekabrida Toshkent tashkilotdagi a’zoligini "to‘xtatgan". O‘sha yili qabul qilingan tashqi siyosat konsepsiyasida O‘zbekiston o‘zining harbiy bloklarga qo‘shilmasligini e’lon qilgan.