Ramzan Qodirov Ukrainaga kelgani va Kiyev yaqinida ekanini iddao qildi
Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov “Telegram”dagi sahifasida Ukrainaga – harbiy harakatlar bo‘layotgan hududga kelgani va ayni paytda Kiyev yaqinida ekani haqida yozdi.
“Kiyevning bir tarafidan biz kiramiz, ikkinchi tarafidan esa – birodarim Adam Delimxanov ikki harbiy kampaniyada toblangan, jangovar qobiliyati va irodasini ko‘p martalab namoyish etgan tajribali jangchilarni boshlab kiradi”, deb yozdi Qodirov.
U avvalroq Ukrainadan yoyinlagan videosi Gostomel shahrida tasvirga olinganini ta’kidladi: “Videoda biz Gostomeldamiz. O‘tgan kunlarda sizlardan taxminan 20 km narida edik”.
Qodirov, shuningdek, Ukraina prezidenti idorasi rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovichning “agar Qodirov rostdan ham Kiyev yaqinida bo‘lsa, Qurolli kuchlarimiz uni yo‘q qiladi”, degan gapiga javob qaytardi. “Nega endi “agar bo‘lsa” deysan? Videotasvirlarni ko‘rmadingmi yoki eshigingni taqillatishim kerakmi?”, dedi Checheniston rahbari o‘z javobida.
Avvalroq Checheniston Respublikasi rasmiy telekanali bo‘lmish “Grozniy TV”ning rasmiy telegram-kanali “ChR rahbari Ramzan Qodirov Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyotda ishtirok etayotgan jangchilar yonida” degan izoh bilan g‘ira-shira tasvirlarni yoyinlagan edi.
Mazkur videoda harbiylardan biri otasi Ahmat Qodirov portreti yonida turgan Ramzan Qodirovga Kiyevdan 7 kilometr masofada joylashgan bolalar uyi muvaffaqiyatli “bosib olingani” haqida shunday axborot beradi:
“Sizning strategiyangiz 100 foiz to‘g‘ri chiqdi. Biz qishloqni “tozalab o‘tirmadik”, balki to‘ppa-to‘g‘ri bolalar uyiga bordik. Biroq u yerda bolalar yo‘q ekan: yig‘lab o‘tirgan ikki enaga bor ekan xolos. Karavotlardagi o‘rinlar sovimagandi? Ma’lum bo‘ldiki, Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari kecha Qizil xoch xodimlari kiyimida kelib, bolalarni Kiyevga ko‘chirib ketishibdi!”
Telegram-kanal video aynan qayerda olingani va qaysi bolalar uyi nazarda tutilayotganini ochiqlamagan.
Ukraina ichki ishlar vazirining maslahatchisi Anton Gerashchenko Qodirov o‘z “spetsnazi” bilan “ukrain bolalarini o‘g‘irlash”ni ko‘zlaganini aytdi.
“Qodirov Ukrainaga keldi. Birinchi qo‘l urgan ishi – bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalarni o‘g‘irlash amaliyotini rejalash bo‘ldi. Yetim bolalarni Qodirovning navbatdagi videoroligini yozish uchun qo‘llamoqchilar shekilli”, deb yozdi Gerashchenko.
Ukrainaga Checheniston Rosgvardiyasi bo‘linmalari yo‘llangan edi, ular bir necha shahar uchun bo‘lgan janglarda qatnashgani aytilmoqda. Checheniston rahbariga yaqin manbalar, jumladan Kadyrov_95 telegram-kanali qodirovchilar Ukrainadagi aholi punktlari “natsistlar”dan “ozod etilgani” va mahalliy aholiga oziq-ovqat ulashilayotgani aks etgan videolarni yoyinlamoqda.
So‘nggi videolardan birida qodirovchilar Rossiya qo‘shinlari bosib olgan Melitopolda ekani aytiladi: ushbu shaharning qonuniy saylangan meri Ivan Fyodorov yaqinda o‘g‘irlab ketilgan edi.
Shuningdek, Checheniston rahbari o‘z chiqishlarida onasi Ayman Qodirov rahbarlik qiladigan Ahmat Qodirov nomidagi jamoat fondi o‘zini “DXR” va “LXR” deb atayotgan respublikalar rahbarlari hamda bo‘lginchilarning “Sparta” batalyoni qo‘mondonlari uchun zirhlangan avtomobillar sotib olib berganini ma’lum qildi.
Qodirov fondi ilgari OAVlar hamda huquq faollarida qator savollar tug‘dirgan edi, boisi uning faoliyati va moliyaviy manbalari mutlaqo ochiqlanmaydi.