“Videolarni o‘chirishga majbur qilishdi”. Eurasianet jurnalisti Nukusga safari haqida
Ingliz tilidagi Eurasianet nashri jurnalisti Joanna Lillis norozilik chiqishlari bo‘lgan kunning ertasiga Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusga borganida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan uning faoliyatiga to‘sqinlik qilingani haqida so‘zlab berdi. Namoyishlar chog‘ida kamida 18 kishining o‘lgani va 243 kishi jabrlangani aytilmoqda.
Olmaotada istiqomat qiluvchi britaniyalik jurnalist Joanna Lillis Ozodlik qozoq xizmatiga bergan izohida namoyishlardan bir kun o‘tib – 3-iyul tonggida Toshkentdan Nukusga uchganini aytdi.
“Yo‘lda hech bir muammo bo‘lgani yo‘q, biletni onlayn sotib oldim. Aeroportda huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari ko‘p edi, hammalari kaska kiyishgan va qo‘llarida avtomatlar bor edi. Ammo hech kimni tekshirishmadi”, deydi Joanna Lillis.
Jurnalistga ko‘ra, u yetib kelgan paytda Nukusda namoyish va tartibsizliklar bo‘lmagan, shaharda huquq-tartibot xodimlari ko‘p bo‘lgan, yo‘llar transport harakati uchun yopiq bo‘lgan. Parlament va hukumat binolari joylashgan shahar markazi ham to‘sib qo‘yilgan. “Ko‘chalarda odam siyrak edi, ko‘pchilik uy-uylariga tarqagan bo‘lsa kerak. Shahar markazida do‘konlar va muassasalar ham yopiq edi”, hikoyasini davom ettiradi jurnalist.
Joanna Lillis shahar IIBB qarindoshlarini qidirayotgan odamlar izdihomini ko‘rganini aytadi. Jurnalist ulardan intervyu olmoqchi, bir nechta foto va video ishlamoqchi bo‘ladi.
“Izdihom ichida intervyu va fotolar olib turganimda fuqarocha kiyimli bir odam yonimga kelib, foto va videolarni o‘chirib tashlashni buyurdi. U xizmat guvohnomasini ko‘rsatdi, lekin men qaysi idora xodimi ekanini anglayolmadim. O‘zi esa buni ochiqlashni istamadi. Va yana foto va videolarni o‘chirishni talab qildi. “Jurnalistman, O‘zbekistonda ishlashga ruxsatnomam bor”, deb aytdim va qaytadan xizmat guvohnomasini ko‘rsatishni taklif qildim. U rad etdi va bu gal qo‘pollik bilan: “O‘chirib tashlang, aks holda telefoningizdan ayrilasiz”, dedi. Men o‘chirishga majbur bo‘ldim. So‘ngra o‘z guvohnomamni ko‘rsatdim. Lekin u baribir meni IIBBga olib ketdi”, deydi Joanna Lillis.
Jurnalistning aytishicha, IIBBda undan Nukusga nima maqsadda kelganini surishtirganlar.
“Bu yerga qanday keldingiz?”, deb so‘rashdi. Menimcha, yanglishishdi: to‘g‘ri, Qozog‘iston bilan chegara yopiq edi, lekin men Toshkentdan uchib borgandim. Nukusda nima qilayotganim, qachon kelganim bilan qiziqishdi. Pasportimni, TIV bergan akkreditatsiyamni, uchoqqa chiqish talonini suratga olishdi. Tartibsizliklar haqida qanday fikrda ekanimni so‘rashdi. “Baho berish mening vazifamga kirmaydi. Mening ishim – voqealarni yoritish”, dedim. Shundan so‘ng qo‘yib yuborishdi, hatto uzr so‘rashdi. Telefonimni bir amallab qaytarib oldim. Meni ushlab kelgan odamga “Bunaqa qilishning hojati yo‘q edi”, deb tushuntirgan bo‘lishdi”, deydi o‘z hikoyasida Joanna Lillis.
Eurasianet jurnalisti qarindoshlarini izlab IIBB binosi oldida to‘plangan odamlar haqida yana shunday dedi:
“Ular yaqinlari morgdami, kasalxonadami yoki IIBBdami – bilishmasdi. “Bizga ularni ko‘rsatishsin yoki qayerdaligini aytishsin”, deyishardi. Keyin ular ro‘yxat tuzishdi. IIBB binosi tagida turganlarning barchasi namoyishlarda qatnashmaganlarini aytishdi. Bozorda esa namoyishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar bor ekan, ular “aholi tinch namoyishga chiqqandi”, deb aytishdi”, deydi jurnalist.
1-2-iyul kunlari Nukusda yangi tahrirdagi O‘zbekiston konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirishga oid taklif sabab boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylanib ketdi.
Respublikaga O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘shimcha kuchlari kiritildi, mobil aloqa va internet cheklandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqada favqulodda holat e’lon qildi.
4-iyulda O‘zbekiston rasmiylari 18 kishi o‘lgani va 516 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilishdi. Qurbonlardan 14 nafari fuqarolar va to‘rt nafari huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlaridir. O‘sha kuni O‘zbekiston parlamenti rasman mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar loyihasida Qoraqalpog‘istonning suveren maqomini saqlab qolishga doir qarorni qabul qildi.
Nukusdagi namoyishlardan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Jinoyat kodeksining “O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish” va boshqa moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini bildirdi. Tinch aholi vakillarining o‘limi holatlari bo‘yicha tergov harakatlari xususida shu kungacha rasmiy ma’lumot berilgan emas.
Yevropa ittifoqi O‘zbekistonni “Qoraqalpog‘istondagi zo‘ravonlik voqealarini shaffof va mustaqil tergov qilishga” chaqirdi. Amnesty International xalqaro inson haqlari tashkiloti esa rasmiy Toshkentni namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilgani holatlari bo‘yicha “xolis, mustaqil va puxta tergov” o‘tkazishga va aybdorlarning adolatli sud qilinishini ta’minlashga chorladi.
BMT va AQSh, o‘z navbatida, Toshkentni Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha “tugal va shaffof” tergov olib borishga chaqirdi.
6-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi zo‘ravonliklar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari va faollar ham jalb etilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov hukumat kuchlarining namoyishlarni bostirish chog‘ida qanchalik mutanosib kuch qo‘llaganiga ham baho beradi.